Headline Ads Banner

Tarixiy adolat tiklanishi kerak O'zbekiston

Umar O’zbek

Buxoro Xalq Jumhuriyati asoschilradan biri boʻlmish Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevning AQSHning Michigan shtatida yashovchi oʻgʻli, professor Temur Xoʻjaoʻgʻli Oʻzbekistonga safari chog’ida ajdodlari yashagan tarixiy uyga tashrif buyurdi.Doktor Temur Xo'jao'g'li Buxoroda.

Buxoro kentining Labi Hovuz yaqinida joylashgan mazkur uyda 16 asrdan beri Hoʻjayevlar sulolasi yashab kelgan.
Oʻzbek jadidi Usmonxoʻja Poʻlathoʻjayev ham shu uyda tugʻilgan va yashagan.

Usmonhoʻja Buxoroda asos solgan birinchi jadid maktabi ham ushbu uyda joylashgan edi.
Oʻzbek madaniy meʼrosi sanalgan bu uy 1937-yili sovetlar tarafidan tortib olingan va 1940-yildan to 1991-yilgacha Buxoro bosh prokuraturasi binosi boʻlib ishlatilgan, binoning bir qismi sovet davrida qamoqxona sifatida ham qoʻllanilgan.
Oʻzbekiston mustaqilligi tiklangan vaqtlarda boʻsh qolgan bino Xoʻjayevlar sulolasiga tegishli boʻlishiga qaramasdan, davlat mulozimlari tomonidan kimligini bilmaganimiz bir ishbilarmonga sotib yuboriladi.

Temur Xoʻjayevning soʻzlariga koʻra, otasidan qolgan tarixiy bino 2017-yili bir tadbirkor tarafidan kiralangan va hozirda qoʻniq uyi (mehmonxona) sifatida foydalanish uchun qayta tuzatilmoqda.

«Oʻzbekning joʻmard insoni boʻlmish Usmonxoʻja yashagan va ilk jadidlar maktabi sifatida tarixda iz qoldirgan uy hozirda qoʻniq uyi sifatida ishlatishga moʻljallanayotgani achinarli hol albatta», deydi Temur Xoʻjaoʻgʻli.

Professor Temur Xoʻjaoʻgʻli va uning yaqinlari ushbu uyni Oʻzbek xalqiga tortiq qilish niyatida ekani va tarixiy binoni “Jadidlar Muzeyi” sifatida saqlanib qolishini istashini aytadi.

Hozircha, qo’limizda Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevning uyi qanday sotib yuborilgani va tarixiy binoni qoʻnigʻ uyi (mehmonxona) sifatida ishlatilishiga ruxsatni kim bergani borasida biror rasmiy bilgi yoʻq.

Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev kim edi?

Oʻtmishdan maʼlumki, Oʻzbekistonda 20-asr boshlarida jadidchi/istiqlolchilik harakati boshchilari yirik faoliyatlarni olib borgan. Oʻzbek oydinlari istiqlolchilik, zamonaviy oʻzbek milliy adabiyotini, madaniyatini yaratish yoʻliga oʻz umrlarini bagʻishlagan. Oʻzbek oydinlari nafaqat Turkiston mintaqasi, balki butun Turk dunyosi tarixida muhim rol oʻynagani hech kimga sir emas.
Oʻzbek jadidlarining yorqin namoyondalaridan biri Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevdir.

Usmonxoʻja 1878 yili Buxoro amirligi boshkenti boʻlmish Buxoro kentida tugʻilgan. U Buxorodagi madrasada o’qigan. 1908-1912 yillar orasi Istanbulda bilim olgan va Istanbulda “Buxoro tamimi tarif” uyushmasini tuzib, Turkistondan Istanbulga iqtidorli talabalarni oʻqishga chorlagan.
1915 yilda Buxoroga qaytgan Usmonxoʻja oʻzbek jadidlarining “Tarbiyai atfol” uyashmasiga aʼzo boʻlgan.

Usmonxoʻja Buxoroda dunyoviy taʼliim beruvchi birinchi maktabni ochgan.
Turk dunyosi jadidlari bilan yaxshi aloqada boʻlgan, bir qator jurnallar uchun maqolalar tayyorlab turgan.
Usmonxoʻja bir qator “yosh buxoroliklar” uyushmasi aʼzolarining bolsheviklar bilar hamkorlik qilishiga qarshi boʻlgan. Bundan tashqari u Turkiston muxtoriyatini qoʻllab quvvatlagan.

1920 yili Buxoro Xalq Sovet Respublikasi moliya vaziri lavozimida ishlagan Usmonxoʻja respublikaning SSSRdan mustaqil davlat boʻlishi uchun harakatlar olib borgan va bu bilan sovetlar va ular tarafdorlari tomonidan istalmagan shaxsga aylangan.

Buxoroliklarning Turkiyaga yordami

1920 yillarda moliya vaziri boʻlgan Usmonxoʻja Gʻoziy Mustafo Kamol Otaturk sovet birligi boshchisi Lenindan moddiy yordam soʻragan vaqtda Buxoro Xalq Respublikasi gʻaznasidan qardosh Onado’li xalqi uchun yuz million rubl ajratgan. Faqat bu pulning oʻn foizigina Turkiyaga yetib borgan…

Milliy istiqlol harakati tomoniga o’tish 

1921-yilda Janubiy Buxoroga (hozirgi Tojikiston) joʻnatilgan Usmonxoʻja milliy/istiqlolchilar tarafiga oʻtgan va sovetlarga qarshi kurashgan Oʻsmonli qoʻmondoni Anvar Poshsho va boshqa oʻzbek istiqlolchilar bilan birgalikda sovet bosqiniga qarshi jang qilgan.

1922-yilda Qobulga chekinishga majbur boʻlgan Usmonxoʻja Afgʻoniston Amiri Omonulloxon bilan bolsheviklarga qarshi kurashish boʻyicha bitim imzolaydi. Turkiston istiqlolchilarini qurol yarog’, oziq-ovqat bilan ta’minlab turadi.

Keyinchalik Turkiyaga ketishga majbur boʻlgan Usmonxoʻja Turkiyada izzat-ikrom bilan kutib olinadi. U Turkiyada “Turkiston madaniyati tadqiqotlari” universitetiga asos soladi. Uning “Turkiston” nomi ostida chop etilgan kitobi Turkiyada atoqlidir.

Umrini Turkiston erkinligi kurashiga bag’ishlagan Usmonxo’ja 1968-yili Istanbulda vafot etgan Usmonxoʻja Poʻlathoʻja oʻgʻli Uskudar tumanidagi Oʻzbeklar takkasiga dafn etiladi. Usmonhoʻjaning avlodlari hozirda Turkiyaning eng obroʻli insonlari boʻlib sanaladi.

 

Javob berish