Sirdaryo viloyati markazidan Tojiki
1 yil avval
1 yil avval
1 yil avval
1 yil avval
1 yil avval
Oʻzbekistonda Kreml manfaatlarini targʻib qiluvchi Vesti.uz (Oʻzbekiston milliy domeni) internet nashri Donbassda Ukraina hukumat qoʻshinlariga qarshi bo’lginchilar tarafida urushib oʻlgan oʻzbek yollanma jangchisini “qahramonga” chiqardi.
Oʻzbekiston Jinoyat Kodeksining “Yollanish” haqidagi 154-moddasiga koʻra¸ “chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʻxshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish” ogʻir jinoyat sanaladi va u 7 yildan 12 yilgacha qamoq jazoi bilan jazolanadi.
Oʻzbekistonning Ukrainadagi elchiligi bu haqda maxsus eslatma da bergan.
3 iyul kuni Ukraina sharqida davom etayotgan qonli toʻqnashuvlar chog’ida DNR tuzilmasi tarafida jang qilgan yollanma askar Hojiakbar Sharipovning otib oʻldirilgani toʻgʻrisida 9 iyul kuni xabar tarqalgan edi.
Oʻzbekiston milliy domenida faoliyat yurituvchi Vesti.uz axborot portalida tan olinmagan “Donesk xalq respublikasi” tuzilmasi tarkibida jang qilgan oʻzbekistonlik toʻgʻrisida maqolaga “Oʻzbek Donbass ozodligi uchun jon berdi” (Uzbek otdal jizn za svobodu Donbassa) deb sarlavha qoʻyilgan.
“32 yashar qaxramon jasadi 6 iyul kuni Oʻzbekistonga, Navoiy viloyatiga joʻnatildi. “Oʻzbek” pozivnoyiga ega soldat Donesk aeroporti, Blesna, Avdeyevka va Promkadagi janglardan oʻtgan. Doʻstlari u oʻz vatanini juda sogʻinganini aytishmoqda”, deb yoziladi 10 iyul kungi maqolada.
Sharipovni yaqindan bilganlar¸ uning kriminal faoliyati ortidan Rossiyaning Tomsk shahridan Donbass separatchilariga yollanib ketganini aytishgan edi.
Oʻzbek media hududi Rossiyaning imperiyaviy propagandasi uchun ochiq maydonga aylandimi?
Vesti.uz. Oʻzbekistonda Rossiya manfaatlarini ochiq targʻib qilib kelayotgan nashrlardan biri sifatida koʻriladi.
Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning 31 may kuni Toshkentga qilgan safari arafasida bu nashr bir guruh rus tilli ziyolilarning rus tiliga davlat tili maqomini berish toʻgʻrisidagi tashabbusini chop etgan edi.
Milliy davlatchilik ustunlariga qarshi harakat sifatida baholangan bu tashabbus jamoatchilik orasida keskin eʼtirozga sabab boʻlgan edi.
Ayni nashr¸ yillardan beri Kreml propagandasining yangi ramzi – Rossiya imperiyasidan qolgan “Georgiy lentasi” va “Oʻlmas polk” tadbirlari targʻib etib keladi.
Vesti.uz nashrining rossiyalik asoschisi Vladimir Berezovskiy 2010 yili Oʻzbekiston prokuraturasi tomonidan javobgarlikka tortilgan edi. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Ommaviy kommunikatsiya sohasini monitoring qilish markazi saytda chop etilgan 16 ta xabarni “Oʻzbekistonga qarshi tuhmat va oʻzbek xalqini haqorat qiluvchi”, deya topgan edi.
“Vesti.uz” Rossiya elchixonasining moliyaviy koʻmagida yaratilgan. Hozirda esa MDH va boshqa xorij davlatlarida yashaydigan ruslar va elaro gumanitar ishbirlik masalalari uchun masʼul tuzilma sifatida 2008 yilda tashkil qilingan “Rossotrudnichestvo” federal agentligi moliyasi bilan faoliyat yuritadi.
Karimov oʻlimidan soʻng Rossiya imperiyaviy propagandasiga Oʻzbekistonda yashil chiroq yondimi?
Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladimir Jirinovskiy doxil rus siësatchilarining sobiq SSSR hududida Rossiya hukmronligini tiklash iddaolari ortidan “Rossotrudnichestvo”ning Oʻzbekistondagi faolligi kuchaygani oʻzbeklarni xavotiriga sabab boʻlmoqda.
Qator tahlilchi va oydinlar mustaqillikka rahna soluvchi Kreml propagandasining Oʻzbekistonda bemalol olib borilayotganiga jiddiy munosabat bildirish oʻrniga¸ Oʻzbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi kabi tuzilmalarning, turk seriallarning oʻzbek mentalitetiga toʻgʻri kelish-kelmasligi va blogerlarni soliqdan ozod qilish masalalari koʻproq mashgʻul etayotganini tanqid qilmoqda.
“Vesti.uz” internet nashri Rossiyadagi “Parlamentskaya gazeta”ning Markaziy Osiyo boʻyicha muxbiri Vladimir Berezovskiy tomonidan 2005 yilda tuzilgan. Bosh muharrir Berezovskiy “Vesti.uz” “Rossiya matbuotidagi maqolalarni qayta chop etish” bilan shugʻullanayotganini taʼkidlab keladi.
Vladimir Berezovskiy 1989 yilda Oʻzbekistonda ochilgan birinchi Rus madaniy markazining raisi ham boʻlgan.
Vesti.uz barobarida Oʻzbekistonda Kreml propagandasini yozish bilan Sputnik nashri ham shugʻullanadi.
Sputnik agentligi dunyo boʻylab dezinformatsiya tarqatayotgan agentlik sifatida 10-12 iyul kunlari Londonda oʻtaëtgan matbuot erkinligi boʻyicha global konferensiyaga qoʻyilmadi.
Joriy yil yanvar oyida Facebook Rossiyadan boshqarilayotgan 471 akkauntni¸ ”shubhali faoliyati» uchun taqiqladi. Facebook rahbariyatining bu haqdagi ochiqlamasida dezinformatsiya yopilgan akkauntlarning kattagina tarmogʻi Sputnik agentligi tomonidan boshqarilgani aytilgan.
Umid Bobomatov
Bahram Rahmanjan