Headline Ads Banner

Sherzod aka milliardlar toʻgʻrisida gapirdingiz. Negadir har yili budjetdan Yoshlar ittifoqiga (aniqrogʻi, havoga) ketadigan milliardlab soʻmga achinmayapsiz. Beshinchi burchak, Bilim va fan, O'zbekiston

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov yaqinda bergan intervyusida (https://www.youtube.com/watch?v=-5EXBwmW1cw) oʻzbek lotin yozuviga tuzatish kiritish kerak emasligini, buning uchun milliardlab pul ketishi, darsliklarni qayta bosib chiqarishga toʻgʻri kelishini aytdi. Sherzod aka, xuddiki hozirgi darsliklar shunaqa zoʻrki, ularni yana 50 yil ishlatsa boʻladigandek soʻzlayapsiz. Darsliklar doim yangilanib kelgan, bundan keyin-da yangilanaveradi. Hozirgilarni esa, ayniqsa maktablardagi ona tili darsliklarini bemalol makulaturaga tashlayversa boʻladi – saviyasi past, oʻquvchilarga kerakli bilimlarni bermaydi. Boshqa fan dasliklarida ham turli xato-kamchiliklar uchrab turishini yaxshi bilsangiz kerak.

Milliardlar toʻgʻrisida gapirdingiz. Negadir har yili budjetdan Yoshlar ittifoqiga (aniqrogʻi, havoga) ketadigan milliardlab soʻmga achinmayapsiz. Bunga, turli xil arena-yu bogʻlarni qurishga pul bor, davlat tilini oʻstirish va mustahkamlashga yoʻqmi?

«Standart ingliz klaviaturasi yetarli, ortiqcha harflar kerak emas»-dedingiz. Qaysi millat oʻz tilida yozish uchun boshqa til klaviaturasini ishlatadi? Har qanday operatsion tizimdagi sozlamalarni ochib koʻring – har bir tilning oʻz klaviatura kengaytmasi bor. Tilimizdagi tovushlar soni ingliz alifbosidagi harflardan koʻproq boʻlsa, qanday qilib uni qoʻllay olamiz? Oʻzbek tilining oʻziga mos, ishlatishga qulay alifbosi boʻlish shart. Klaviatura kengaytmasini esa, dasturchi boʻlmasam-da, hatto men 15 daqiqada yarata olaman.

Eng qizigʻi – vazir «lotin yozuviga toʻliq oʻtishimizga hali kafolat yoʻqligi»ni aytdi. Bunisi endi yaqqol sabotajga oʻxshab ketdi. Qanaqasiga kafolat yoʻq? Qanaqa kafolatlar kerak sizga, axir qachonlar qabul qilingan qonun bor-ku! Umuman olganda, bugungi Oʻzbekistonda sovet davrida oʻsgan, faqat kirilda oʻqib yozadigan, lotin yozuvini rivojlantirish va unga toʻliq oʻtish masalalariga umuman qiziqmaydigan xudbin amaldorlar qatlami bor. Ular hozirgi lotin alifbosidagi kamchiliklar oʻnglanishidan manfaatli emas, chunki oʻshanda kirildan umuman voz kechib, barcha sohalarda lotinga oʻtish imkoniyati paydo boʻladi. Aytaylik, «Oʻzbekiston 24» kanali ham ana shunday bir kattakonning xudbinligi sabab yozuvlarini kirilchada beryapti. Sherzod Shermatovning gapi-da oʻsha sabotajning bir qismi emasmikan, degan oʻylarga borasiz. Har holda lotin yozuvini toʻgʻirlash, uni toʻliq hayotga kiritish toʻgʻrisida qonun hamda qarorlar bor va ular alla qachon bajarilishi kerak.

Otabek Umar

Javob berish