Headline Ads Banner

Turkiyada qahramon bo’lgan O’zbek botiri kim? Dunyo, O'zbekiston, Umumiy

Turkiyani yigʻlatgan Hoji Yoʻldosh Margʻiloniy kim edi?

2018 yil 30 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati aʼzolari oldida chiqish qilgan Turkiya Jumhuriyati prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon mamlakatlarimiz orasidagi tarixan shakllangan birdamlik munosabatlari haqida eslarkan, shunday degandi: “Turkiya tarixida muhim rol oʻynagan Ozodlik urushida oʻzbeklar bizni doim qoʻllab-quvvatlab turdilar. Haj vazifasini ado etgandan keyin oʻz yurtiga qaytarkan, Chukurovada “Quvvayi milliya”ga qoʻshilgan turkistonlik koʻngillilar, Hoji Yoʻldosh va doʻstlarining xotirasi qalbimizda abadiy saqlanajak”.

Turk millati xotirasida qolgan Hoji Yoʻldosh asli kim edi?

Har bir millat ravnaqi uchun aql-zakovat, shu bilan birga shijoatu matonat, jismoniy barkamol kerak boʻladi. Bu borada oʻtgan ajdodlarning ibratli hayotini, tarixini bilish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki tarix ulugʻlar soʻzi bilan aytganda, “oʻtganlar, yashayotganlar va hali tugʻilmaganlar oʻrtasidagi ittifoq”dir.

Keyingi yillarda olib borilgan izlanishlar shuni koʻrsatmoqdaki, oʻtgan yuz yillikda Margʻilondan ko’plagan jasur oʻgʻlonlar yetishib chiqqan. Ana shulardan biri Hoji Yoʻldosh Margʻiloniydir.

Margʻilonga yondosh Qumtepa qishlogʻining Ingichka ariq mavzesida Bobonazarboy avlodlari hayot kechirgan. Bobonazarboyning Toshmuhammad hoji, Eshmuhammad hoji, Mir Usmon hoji ismli uch oʻgʻli va Hoji ona ismli qizi boʻlgan. Uchala oʻgʻil Margʻilonda savdo-sotiq bilan shugʻullangan. Eshmuhammad hojining Yoʻldoshboy, Alijon qori, Mulla Mirahmad, Mulla Oʻrunboy, Mulla Sotboldi, Mulla Ergash ismli oʻgʻillari va Hamroxon, Hojiqiz ismli qizlari boʻlgan.

XX asr boshlarida Eshmuhammad hojining farzandlari ketma-ket Haj ziyoratiga boradilar. Yoʻldoshboy ham 1912 yilda Hajga borayotib, Istanbulga keladi. Istanbulning bir qancha mavzelarida Turkistondan kelgan ziyoratchilar va sayyohlarga boshpana boʻlsin deya oʻzbek takyalari qurilgan edi. Hajga otlangan turkistonliklar ham yoʻl-yoʻlakay takyalarga kirib oʻtishardi. Bir muddat qolib, bir juma namozida ishtirok etishar, mashhur sahoba Ayyub al-Ansoriyning maqbarasini ziyorat qilishar, xalifa qabulida boʻlib, soʻngra Makkai mukarrama tomon yoʻl olishar edi.

Bu davrda Usmonli turk sultonligi nomi bilan dunyoga tanilib, oʻrta asrlarda jahondagi eng qudratli davlatga aylangan sulola ogʻir davrlarni boshidan kechirayotgan edi. Usmonli turk sultonligining soʻnggi hukmdorlaridan Mehmed V Rashid (1909-18) qoʻshinlari Bolqon yarim orolida davom etayotgan urushda katta talofatlar koʻrar, qurbonlar soni kundan kunga ortib borar edi. Yoʻldoshboy Istanbulning qay goʻshasiga bormasin, oʻsha joyda yaqinlaridan judo boʻlgan musibatzada xonadonlarga duch keladi. Islomiy tarbiya olgan Yoʻldoshboy ularning qaygʻusiga sherik boʻladi, oddiy dehqon bolasi Yoʻldoshboy bu yurt va millat taqdiriga befarq qarab turolmasligini anglab, askarlikka yoziladi. Mojar olimi Herman Vamberi (1832-1913) taʼbiri bilan aytganda: “…Oʻzbek oʻz yerining gʻamini oʻzi yeydi va kimki dalada ibtidoiy omochni tortib yurgan oddiy, ishini halol bajaruvchi qishloq odamini koʻrsa, bu dehqonni Markaziy Osiyoni zabt etuvchi va haqiqiy xoʻjayini deb tasavvur qilishi qiyin. Va aynan shu odam bizning vaqtgacha Markaziy Osiyoning xoʻjayini boʻlib keldi. Chunki, shu oddiy, omoch tortib yurgan oʻzbek kerak boʻlgan paytda otga irgʻib mina oladi va qoʻliga qurol olib oʻzini jang maydonida koʻrsatadi”.

Kechmishning burilish nuqtalarida turkiy qavmlar orasidan favqulodda qobiliyat sohiblari maydonga chiqqanlar. Ular misli koʻrilmagan qahramonlik namunalarini namoyish etganlar.

Askarlik uchun badal

Yoʻldoshboy Bolqon yarim orolida 1912-13 yillarda boʻlib oʻtgan ikki urushda koʻngilli askar sifatida ishtirok etadi. Urushdan soʻng Hajga ketib, ziyorat arkonlarini bajaradi. Hoji Yoʻldosh ota-onasiga olgan hadyalar bilan Hajdan qaytar vaqtida – 1914 yilda Birinchi jahon urushi boshlanadi. Usmonli turk sultonligi tasarrufidagi arab choʻllarida fransuzlar bilan janglar avjiga chiqadi. Dushmanga qarshi harakatlarda arablarning sustligini koʻrgan Hoji Yoʻldoshning hamiyati, gʻururi joʻsh uradi. Bolaligida Qoʻqon xonligini bosib olishda Chor Rusiyasi askarlari koʻrsatgan shafqatsizliklarni eshitib ulgʻaygani bois, kelajakda yuz berajak fojialarni boshqalardan koʻra yaxshiroq tushunib yetgan edi. Ayniqsa, 1898 yilda Andijonda Dukchi eshon qoʻzgʻoloni tufayli aholining qirgʻinbarot qilinishi Hoji Yoʻldoshdek er yigitlarni hurriyat uchun kurashishga undadi. Oʻsha yillari Hoji Yoʻldosh qayerda boʻlganini aniqlay olmadik. Qoʻzgʻolon va chor hukumati soldatlarining vahshiyligi oqibati – koʻchalarni toʻldirib yotgan minglab otilgan, osilgan, kaltaklab oʻldirilgan gunohsiz qurbonlar… Koʻcha-koʻylarda hukumat askalarining hujumi ostida tasvirlashga til ojiz ahvolga keltirilgan mayitlarning qonga bulgʻanib, etlari yorilib, uzilib, choʻzilib yotgan manzarasi, mahalliy chor maʼmuriyatining vahshiyligi tufayli dor ostida yuragi yorilib oʻlgan bolalaru kattalar, gunohsiz odamlarning hayvondan tuban holda kaltaklanishlari… Bu mashʼum voqea Hoji Yoʻldoshning koʻnglida ogʻir tuygʻularni uygʻotgan boʻlishi aniq.

Mazlumlarni dushman tajovuzidan himoya qilishni muqaddas burch deb bilgan Hoji Yoʻldosh Turkistondan kelgan bir necha hamrohi bilan askarlikka qoʻshilishni niyat qiladilar. Biroq boʻlinma kapitani askar boʻlish uchun ham badal toʻlash kerakligini aytadi. Shunda Toshpoʻlat hoji turkistonlik doʻstlari uchun ham badal sifatida besh usmoniy tillo tanga toʻlaydi. Tez orada turkistoniylarni janglarda ketma-ket koʻrsatgan jasoratlarini koʻrgan oʻsha turk zobiti ulardan badal sifatida olgan pullarini egalariga qaytarib beradi. Undan buning sababini soʻrashganida: “Men arablarga nega sizlar koʻngilli boʻlib askarlikka yozilmaysiz, nega nomusingizni, ayollaringiz, farzandlaringiz, mol-davlat va vataningizni himoya qilmaysizlar. Turkistondan kelganlardan ibrat olmaysizlarmi?” deb soʻraganimda, ular ”Turkistoniylar pulsizlikdan, ehtiyoj tufayli askarlikka yollanmoqdalar” deb javob berdi. Shu sababdan atayin men sizlarni sinash uchun toʻlovdan soʻz ochgan edim. Bildimki, sizlar ehtiyojdan emas, aksincha burch tufayli askar boʻlgan ekansizlar” deb javob beradi.

“Biz shu yurtning suvini ichdik!”

Hoji Yoʻldosh va uning turkistonlik hamrohlari Birinchi jahon urushida Suvaysh kanalida boʻlgan muhorobalarda ham ishtirok etadilar. Vaqtinchalik tuzilgan sulh tufayli turk qoʻshinlari ortga chekinishga majbur boʻladi.

Tarixdan maʼlumki, Birincha jahon urushida Usmonlilar davlati Germaniya tomonida turib urushadi. 1918 yilning 30 oktyabrida Turkiya Antanta davlatlariga taslim boʻladi. Antanta davlatlari Turkiyani ishgʻol qiladi. Turk xalqi orasida milliy ozodlik harakati boshlanadi. Turkiyada Ozodlik urushi (Kurtuluş Savaşı) deb atalgan bu umummilliy harakatga Mustafo Kamolposho (Otaturk) boshchilik qiladi.

Hoji Yoʻldosh oʻsha yillari Adana shahriga qaytadi. Bir muddat tirikchilik oʻtkazish uchun Adana va Tarsus yoʻllarida savdogarlik bilan shugʻullanadi. U shu tarzda Margʻilonga ketish uchun mablagʻ toʻplamoqqa kirishadi. Biroq bu vaqtlarda fransuzlar Chukurovani bosib olgan, chor-atrofda fransuz va armanlar tomonidan tinch aholiga koʻrsatilayogan zulmlar kuchayib boradi. Yorboshi degan joyda toshkentlik Hoji Usmon, Abdurahmon va Inoyatxon ismli turkistonlik hamrohlarining oʻldirilishi oqibatida Hoji Yoʻldosh savdogarlik faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻladi.

U vatanga qaytayotgan hojilarga ota-onasiga olgan hadyalarini topshirib, omonatini yetkazishlarini iltimos qiladi. “Bizlar shu yurtning tuzini ichdik. Bitta nonni ham birga baham koʻrdik. Endi oʻzaro birlikda, ittifoqlikda dushmanga qarshi qoʻlimizga qurol olmasak, Qurʼon hukmini buzib dinimizga xiyonat qilgan boʻlamiz” deb shu yerda qoladi va umummilliy harakatga qoʻshiladi.

Dushmanni qoʻrqitgan “Avtomatchi”

Oʻsha yillarda Hoji Yoʻldosh va uning doʻstlari “Quvvayi milliya” deb ataluvchi guruh bilan birgalikda dushman boʻlinmalariga yashirincha qilingan hujumlarda ishtirok etadi. Ammo bu harakatlar Hoji Yoʻldoshni qoniqtirmaydi. Kunlarning birida u doʻsti Hofiz Abdullohga qoʻlidagi mollarini topshiradi. Agar halok boʻlsa ushbu mollarini faqirlarga tarqatishni vasiyat qiladi. Ertalab Guchuk jome masjidida bomdod namozidan soʻng yaqinlari bilan vidolashib, Toʻroʻslar degan manzilga boradi va Emin Poʻlat ismli turk qoʻmondoni qoʻl ostida jang qiladi.

Favqulodda jasorat va kuch sohibi boʻlgan Hoji Yoʻldosh tunlari bir oʻzi harakat qilib, fransuzlarning kichik harbiy istehkomlariga hujum uyushtiradi, dushman askarlarini oʻldiradi. Tarsusda ekanida Mersindan Adanaga yoʻl chiqqan fransuzlarning harbiy poyezdiga bir oʻzi miltiq bilan hujum qiladi. Sarosimada qolgan fransuzlar poyezdni toʻxtatishga majbur boʻladilar. Otishmada Hoji Yoʻldosh bir qancha dushman askarini halok qiladi. Qusun darasida ham yolgʻiz oʻzi bir qancha dushmanni yer tishlatadi. Fransuz askarlaridan tortib olingan miltiqlarni keyingi janglarda muvaffaqiyat bilan ishlatadi. Shu sabab ham u mintaqada “Avtomatchi” laqabi bilan shuhrat qozonadi.

Hoji Yoʻldoshning afsonaviy jasoratlari chor atrofga tarqaladi. Bundan xabar topgan Tarsusda yashayotgan 26 nafar turkistonlik ham harbiy boʻlinma kapitani Zaki Boltaliga qoshiga kelib, vatandoshlari Hoji Yoʻldosh singari askar boʻlish niyatini bildiradilar.

Tarixdan maʼlumki, qardosh xalqlar oʻrtasidagi munosabatlar Qoʻqon xonligi tugatilib, Buxoro amirligi va Xorazm xonligi Chor Rusiyasi iskanjasiga tushib qolgan davrlarda ham davom etgan. Rusiya istilosi davrida Turkiston xonliklariga siyosiy va texnik yordam bergan Turkiya davlati mustamlakachilariga qarshi kurasharkan, turkistonlik qardoshlar ular bilan bir safda jang qildilar. 1921 yili Anqara hukumati va Mustafo Kamolning topshirigʻi bilan Turkistonga joʻnatilgan Ismoil Subhibey Toshkentda Turkiston Milliy birligini tashkil etishga katta hissa qoʻshgan edi. Turkiyaning bu kabi yordamlariga javoban turkistonliklar ham Turkiya milliy mujodalasiga yordam sifatida Buxoro amirligidan yuz million rubl hisobida yordam puli joʻnatganlar. Ammo bu mablagʻning faqat 11 millioni Turkiyaga yetib kelgan. Qolgani ruslar qoʻliga oʻtib ketgan.

Hoji Yoʻldosh Qovoqlixon, Murdkoʻsa, Changtepa, Chanoqtepa, Dudali qishloqlarini ozod etishda misli koʻrilmagan qahramonliklar koʻrsatib qoʻmondonlik darajasiga erishadi.

Kim boʻlib oʻlganing muhim!

1920 yil 28 may kuni Ballija qishlogʻi yonida boʻlgan jangda Hoji Yoʻldosh ogʻir yaralanadi. Gʻalabalari va jasorati ila tillarda doston boʻlgan Hoji Yoʻldosh tongga yaqin jon beradi. Uning oʻlimi Tarsus ahlini chuqur iztirobga soladi. Oʻsha kuni askarlar xuddi qondosh birodarlari shahid ketgan kabi koʻzyosh toʻkadilar. Xalq orasida Hoji Yoʻldoshga atab marsiyalar toʻqiladi. “Kim boʻlib tugʻilganing emas, kim boʻlib oʻlganing muhim” deydi ahli donish. Margʻilonning oddiy bir farzandi Hoji Yoʻldosh ham Turkiyada Ozodlik urushida jasorat koʻrsatib turk halqining milliy qahramoniga aylandi. Uning nomi dillarda muhrlanib qoldi.

1997 yil Tarsus hokimiyati shahar qabristonida Hoji Yoʻldosh Margʻiloniy sharafiga yodgorlik oʻrnatdi. Turkiyada chop etiladigan “Istiqlol” gazetasining 2006 yil 23-sonida Kemal Duruning “Shahar qabristonidagi yodgorlik kimga tegishli yoki Ballijada shahid boʻlgan Hoji Yoʻldosh” nomli maqolasi eʼlon qilindi. Hoji Yoʻldoshning qahramonliklari Tarsus va Chukurova ahli tilida hamon doston boʻlib kelmoqda.

Turkiyada Ozodlik urushiga bagʻishlab olingan serialda ham Hoji Yoʻldosh Margʻiloniy va uning safdoshlari koʻrsatgan qahramonliklar haqida lavhalar bor. Filmda jasur o’zbeklar turk xalqining iftixori boʻlib qolajaklari aytilgan.

Manba: Ziyo uz

Javob berish